Mirzo Ulug'bek

O`rta asr arbobi, Astronom
Mirzo Ulug'bek
Tavallud sanasi:
22.03.1394
Vafot sanasi:
27.10.1449

Mirzo Muhammad ibn Shohruh ibn Temur Ulug‘bek Qo‘rag‘oniy (1394-1449) - buyuk astronom va matematik, o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan allomasi, davlat arbobi, Movaraunnahrni 1441-1449 yillarda boshqargan sohibqiron va mashhur hukmdor Amir Temurning nevarasi sanaladi. 

Sohibqironning "besh yillik yurish"ida (1392-1396) Iroqdagi Mordin qal'asini qamal qilish chog‘ida tug‘ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy "Zafarnoma" asarida yozishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qal'asi qamalini to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi. Uning o‘z nabirasiga Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek deb ism qo‘yganini ham munajjimlarning yuqoridagi bashorati bilan bog‘lash mumkin.

Amir Temur Ulug‘bekning tarbiyasiga alohida e'tibor bergan va uni davlat ahamiyatiga molik tadbirlarda qatnashtirgan. Klavixonning qayd etishicha, Ulug‘bek bobosining xorijiy elchilarni qabul qilish marosimlarida ishtirok etgan. 1404 yil Konigilda o‘tkazilgan tantanalarda Amir Temur oltita nabirasining (jumladan, Ulug‘bekning) nikoh to‘ylarini o‘tkazgan. To‘yda Sohibqiron Ulug‘bekka Toshkent, Sayram, Yangi (hozirgi Taroz), Ashpara va Mo‘g‘ulistonni to Xitoy hududigacha suyurg‘ol qilib bergan. Amir Temur O‘trorda vafot etgan chog‘da Ulug‘bek ham o‘sha yerda bo‘lgan. (Temuriylar o‘rtasida toju taxt uchun kurash boshlangan. O‘trordan qaytgan Shohrux farzandlari — Ulug‘bek va Ibrohim Sultonni amirlar Samarqandga kiritmaydilar, ular Buxorodan panoh topishgan. Samarkand taxtini Halil Sulton egallagan. Xurosonni boshqarib turgan Shohruh Ulug‘bekka dastlab Andxo‘y bilan Shibirg‘onni, keyinchalik Xurosonning Tus, Xabushon, Kalot, Bovard, Naso, Yozir, Sabzavor va Nishopurdan iborat qismini boshqarishni topshirgan. 1410 yil Shohruh Movarounnahrni o‘z tasarrufiga kiritgach, uni idora etishni Turkiston viloyati bilan birga Ulug‘bekka topshirib, sohibqiron vasiyatini qayta tiklagan. Ulug‘bek yosh (15 yosh) bo‘lgani sababli amir Shohmalik unga homiy etib belgilangan. Lekin Shohmalikning raqibi — O‘trordagi Shayx Nuriddin va Muhammad Jahongirning Hisordagi valiylari 1410 yil bahorida Ulug‘bek va Shohmalikka qarshi chiqqanlar. Shu yilning yozida Shohrux ishtirokida bo‘lgan jangda Shohmalik va Ulug‘bek g‘alaba qilganlar. 1411 yil sentyabrda Shohruh Samarqandga kelib, Shohmalikni o‘zi bilan Hirotga olib ketgan va keyinchalik Xorazmga hokim qilib yuborgan (1413). Shu vaqtdan boshlab Ulug‘bek Movarounnahrni mustaqil idora etishga kirishgan. Shohrux Movarounnahrda boshqa temuriy shahzodalarga ham mulk ajratgan edi. Chunonchi, Hisori Shodmonni Muhammad Sultonning o‘g‘li Muhammad Jahongirmirzoga, O‘zgand viloyatini Umarshayxning o‘g‘li Amirak Ahmadga suyurg‘ol qilgan edi. Biroq ular Ulug‘bekka tobe edilar. 1414-1415 yillar ular o‘rtasida ixtilof chiqib, Ulug‘bek Amirak Ahmad ustiga qo‘shin tortgan va uni yenggan. Shohrux Amirak Ahmadni Xurosonga chaqirtirib olgan; Qashg‘ar ham to 1428 yilgacha Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan.

Ulug‘bek o‘z hukmronligi davomida 2 marta yirik harbiy yurish qilgan. Birinchisida 1425 yil Mo‘g‘uliston xoni Shermuhammad o‘g‘lon (1421—25) o‘zini mustaqil xon deb e'lon qilganda, Ulug‘bek unga qarshi yurish qilib zafar qozongan. Ulug'bekning ikkinchi yurishi Sig‘noq shahri tomon bo‘lgan. Sirdaryoning quyi havzasi Ulug‘bek tasarrufida edi. Ulug‘bek 1427 yil Sig‘noq yaqinida uning mulkiga tahdid qilgan Baroq o‘g‘lon bilan to‘qnashgan va mag‘lubiyatga uchragan. Dushman Ulug‘bekni ta'qib qilib, Samarqand ostonalarigacha kelgan.

Movarounnahr xavf ostida qolganligi tufayli Shohrux Xurosondan katta lashkar tortib kelib xavfni bartaraf etadi.

Shohruh vafoti (12 mart 1447 yil)dan keyin Ulug‘bekning katta o‘g‘li Abdullatif voris sifatida Temuriylar hukmdori bo‘lib qoladi. Lekin Shohruxning qattiqqo‘l xotini Gavharshodbegim bu haqda o‘z fikriga ega edi. U Shohruh davrida Temuriylarning poytaxti bo‘lib qolgan Hirot taxtiga marhumning uchinchi o‘g‘li bo‘lmish Boysung‘ur mirzoning o‘g‘li va suyukli nabirasi Alouddavla mirzoni o‘tkazish tarafdori edi. Gavharshodbegim Hirot taxtiga Alouddavlani o‘tkazganini Ulug‘bekka nisbatan isyon deb qaralmog‘i kerak edi. Shuning uchun Ulug‘bekka 1448 yil bahorida Abdullatif bilan birgalikda 90 ming askar bilan Xurosonga kelib, Hirot yaqinida bo‘lgan jangda Alouddavlani tormor qiladi. G‘alaba Abdullatifning shaxsiy shijoati va lashkarboshilik iste'dodi tufayli erishilgan bo‘lsa ham, Ulug‘bek fathnomani kichik o‘g‘li Abdulaziz nomidan e'lon qiladi. Undan tashqari, bobosi Shohrux tomonidan Abdullatifga vasiyat qilingan Hirotdagi Ixtiyoriddin qal'asi va uning ichidagi boyliklarini ham Ulug‘bek Abdulazizga beradi. Shundan so‘ng Ulug‘bek bilan Abdullatif o‘rtasidagi munosabat ochiq dushmanlik tusini oladi.

Ulug‘bek Samarqandda Abdulazizni qoldirib, lashkar bilan katta o‘g‘liga qarshi jangga yuradi. Abdullatif ham o‘z lashkari bilan Amudaryo yoqasiga kelib turadi. Ikkala lashkar ham daryoning 2 sohilida uzoq muddat turib, suvni kechib o‘tishga botinmaydi. Bu orada Ulug‘bek, Abdulaziz lashkardagi amirlarning oilalarini ta'qib etayotir, — degan xabarni eshitib, Samarqandga qaytib kelishga majbur bo‘ladi va shahar aholisining Abdulazizga qarshi isyon ko‘targanining guvohi bo‘ladi. Tezda shaharni tartibga keltirib, yana Abdullatifga qarshi jangga yo‘llanadi, lekin Samarqand yaqinida undan mag‘lubiyatga uchraydi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Ulug‘bek Abdullatif buyrug‘i bilan qatl etiladi. Uning jasadi Go‘ri Amir maqbarasiga dafn etilgan (qadimgi Amir Temur maqbarasi).

Ulug‘bek otasi Shohruh davrida siyosiy hukmdor sifatida ichki va tashqi siyosat bobida birmuncha mustaqil bo‘lgan. Boshqa davlatlar bilan bevosita savdo va elchilik munosabatlari olib borgan. Ulug‘bek davrida Samarkand shahrida yanada ravnaq topgan. Shaharda hunarmandchilik, me'morlik, adabiyot, umuman ilm-fan yuksaldi, savdo taraqqiy etdi. Buxoroda (1417), Samarqandda (1420), G‘ijduvonda (1432-1433) madrasalar va Marvda xayriya muassasalari qurildi. Madrasalarda diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlar ham o‘qitildi, ko‘proq aniq fanlarga ahamiyat berildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda va Registon majmualari qurilishlari poyoniga yetkazildi. Bundan tashqari, mamlakatda ko‘plab jamoat inshootlari (karvonsaroy), tim, chorsu, hammomlar va boshqa ham bunyod etilgan (Ulug‘bek davridagi Movarounnahrdagi ichki va tashqi siyosat, elchilik aloqalari, pul islohotlari, iqtisodiy, madaniy holat haqida Temuriylar).

Ilmiy va madaniy merosi. Ulug‘bek O‘rta Osiyo xalqlari ilm-fani va madaniyatini o‘rta asr sharoitida dunyo fanining eng yuqori pog‘onasiga olib chiqdi. Uning qilgan eng buyuk ishi — Samarqand ilmiy maktabini o‘sha davr akademiyasini barpo etganligi bo‘ldi. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olimlar faoliyat olib borgan. Ular orasida eng yiriklari Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy edi. Ulug'bekning ilmiy maktabi o‘z faoliyatida O‘rta osiyolik mashhur olimlar Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abul Abbos al-Javhariy, Ibn Turk al-Huttaliy, Xolid al-Marvarrudiy, Ahmad al-Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniylar boshlab bergan ilmiy an'anaga asoslanar edi. Ulug‘bek Samarqand yaqinida rasadxona barpo qildi (qadimgi Ulug‘bek rasadxonasi).

Ulug‘bek akademiyasidagi yirik olim — Ali Qushchi Ulug‘bek "Ziji"ning so‘zboshisida "farzandi arjumand", ya'ni "aziz farzandim" deydi. Aslida u Ulug‘bekning sadoqatli shogirdi bo‘lib, "Zij" ustida ishlar poyoniga yetkazilguniga qadar ustoziga yordam bergan.

Ulug‘bek Samarqandda ikkita madrasa: biri — Registon ansambli tarkibida va ikkinchisi Go‘ri Amir ansambli tarkibida barpo qilgan. Boshqa yirik olimlar qatorida Ulug‘bekning o‘zi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba ma'ruza o‘qigan. Boshqa vaqtini ko‘proq astronomik kuzatishlarga, "Zij" ustida ishlashga va davlat ishlariga bag‘ishlagan. (qadimgi Ziji Ko‘ragoniy).

Ulug‘bekning yana bir matematik asari "Risolai Ulug‘bek" deb ataladi va uning bir nusxasi Hindistonda Aligarx universiteti kutubxonasida saqlanadi, hali o‘rganilmagan. Balki u ham hisoblash matematikasiga aloqadordir.

Ulug‘bek merosini o‘rganish. Fan va madaniyat tarixida so‘nmas iz qoldirgan Ulug‘bekning ilmiy merosi uning "Zij"idir. Bu asar sayyoralar, Quyosh va Oy harakatini talqin qilish, yulduzlar katalogi va unda qo‘llanilgan matematik usullari bo‘yicha o‘rta asrlardagi astronomik asarlarning eng mukammali bo‘lganligi uchun avvalambor, u musulmon mamlakatlaridagi olimlarning diqqatini jalb qilgan. "Zij"ga ilk sharhni Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi "Sharhi Ziji Ulug‘bek" nomi bilan yozgan.

O‘sha 15 asrning o‘zida qohiralik munajjim Shamsiddin Muhammad as-Sufiy al-Misriy "Tashil Ziji Ulug‘bek" ("Ulug‘bek "Zij"ini osonlashtirish") nomli asar yozib, unda Ulug‘bek jadvallarini Qohiraning geografik kengligiga moslashtirdi. Al-Misriy o‘zining "Taqvim al-qavoqib as-sab'a" ("Yetti sayyoraning taqvimlari") va "Jodavil al-mahlul assani ala-usul Ulug‘bek" ("Ulug‘bek usuliga ko‘ra ikkinchi yechimlar jadvali") nomli yana ikkinchi asarida Ulug‘bek "Zij"iga murojaat qiladi.

Suriyalik olim Zayniddin al-Javhariy as-Solihiy (15-a.) "Ad-Durr annozil fi tashil attaqvim" ("Taqvimni soddalashtirishda nozil bo‘lgan durlar") nomli asarida Ulug‘bek "Zij" ini qayta ishlagan.

"Zij"iga yozilgan eng mukammal sharh Samarqand ilmiy maktabining eng so‘nggi namoyandasi Nizomiddin Abdul Ali ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiyning (1525 yil eramizdan avvalgi) 1523 yil yozib tugatilgan "Sharhi Ziji Ulug‘bek" asaridir. Birjandiy o‘z "Sharh"ida mufassal va aniq raqamlar bilan bayon qilib, "Zij"ning sirlarini ochadi. Ulug‘bekning ko‘plab jumlalarini u chizmalar bilan tushuntirib isbotlagan.

Samarqandlik ikki buyuk olim — Qozizoda Rumiy va Ali Qushchining nabirasi Miram Chalabiy (1525 yil eramizdan avvalgi) "Zij"ga sharh yozib, uni "Dastur alamal va tashih al-jadval" ("Amallar dasturi va jadvallarning tuzatilishi") deb atagan.

Eronlik olim G‘iyosiddin Mansur al-Husayniy ash-Shiroziy (1542 yil eramizdan avvalgi) "Zij"ga "Risola dar ta'niq Ziji Ulug‘bek" ("Ulug‘bek "Zij"ini aniqlashtirish haqida risola") nomli sharh yozgan.

16 asrning ikkinchi yarmi va 17-18 asrlardagi qator musulmon olimlari "Zij"ga sharhlar yozdilar va uni qayta ishlab o‘z zamonlari va makonlariga moslashtirganlar. Ular orasida suriyalik Taqiyiddin ash-Shomiy (1526-1585), Mazhariddin al-Qoriy (16 asr), misrlik Abdulqodir al-Manufiy ash-Shofiy (16 asr), eronlik Shoh Fathulloh Shiroziy (1589 yil eramizdan avvalgi), Muhammad Boqir al-Yazdiy (1637 yil eramizdan avvalgi), hind Farididdin Dehlaviy (1629 yil eramizdan avvalgi), turk Muhammad Chalabiy (1640 yil eramizdan avvalgi), misrlik Rizvon ar-Razzoq al-Misriy (1710 yil eramizdan avvalgi), dog‘istonlik Damodon al-Muhiy (1718 yil eramizdan avvalgi) kabi olimlarning sharhlari shular jumlasidandir.

Bular orasida hind daapat arbobi va olimi Savay Jay Singhning faoliyati alohida o‘rin tutadi. U Hindistonning Boburiy sultoni Muxammadshohning (1719-1748) farmoni bilan Ulug‘bek rasadxonasidagi jihozlarning ta'riflariga ko‘ra, Dexli, Banoras, Jaypur, Ujjayn va Mutrada rasadxonalarini barpo qiladi. So‘ng u homiylik qilgan sultonga atab "Ziji Muhammadshohiy" asarini yozgan va unda Ulug‘bekning ba'zi jadvallarini tayyorligicha qabul qilgan. Qori Niyoziy va dushanbelik G.Sobirovlar Savay Jay Singhning asari bilan Ulug‘bek "Zij" orasidagi bog‘liqlikni o‘z ishlarida ko‘rsatganlar.

Ulug‘bekning nomi Yevropada va umuman G‘arb mamlakatlarida buyuk bobosi Amir Temurning shuhrati tufayli ancha ilgari ma'lum bo‘lgan. Yevropa Amir Temur va uning oila a'zolari haqida birinchi bo‘lib Samarqandga 1403-1405 yillar sayohat qilgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixodan eshitgan. Klavixoning "Kundaliklar"i 1582 yil Sevilyada va 1607 yil Parijda nashr etilganidan so‘ng yevropaliklar darhol Amir Temur va uning oila a'zolari bilan qiziqqanlar. Ulug‘bek nomi 17 asr boshidanoq (1601 yildan) Amir Temurga bag‘ishlangan dramatik asarlarda eslatiladi.

Bevosita Ulug‘bekka bag‘ishlangan Yevropadagi birinchi nashr ingliz astronomi Jon Grivs (1602—52) qalamiga oid. Uning 1648 y. nashr etilgan asarida Ulug‘bek yulduzlar jadvalining bir qismi (98 ta yulduz) ilova qilingan. 1665 yil yana bir ingliz olimi Tomas Xayd (1636-1703) Grivs bilan bog‘lanmagan holda "Zij"dagi yulduzlar jadvalini forsiy va lotincha tarjimasini nashr etgan.

1690 yil Gdanskda polyak astronomi Yan Geveliy chop ettirgan "Yulduzlar osmonining atlasi"dagi ikkita gravyurada o‘sha davrning mashhur astronomlari orasidan Ulug‘bekka faxrli o‘rin bergan, unda Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Richchioli, Vilgelm IV va o‘zining jadvallari bilan solishtirgan. 1711 yil Oksfordda Ulug‘bekning geografik jadvali 3 marta nashr etilgan. 1807 yil o‘sha yerda bu jadval yangi grek tilida ham nashr etilgan. 1725 yil ingliz astronomi D.Flemetid (1646-1719) 1767 yil ingliz G.Sharp Ulug‘bek yulduzlar jadvalining T.Xayd nashrini kayta nashr qilgan. 1843 yil ingliz F.Beyli (1774-1844) shu nashrni yanada takomillashtirib, 3 nashrni amalga oshirgan. Fransuz sharqshunosi L.A.Sediyo (1808-1876) 1839 yil Ulug‘bek "Zij"idagi astronomik jadvallarning bir qismini nashr etgan. 1917 yil amerikalik olim E.B.Nobel Ulug‘bek "Zij" idagi yulduzlar jadvalini 27 qo‘lyozma asosida tanqidiy matnini, 1927 yil K.Shoy "Zij"ning trigonometrik jadvalini nashr etgan. Ulug‘bek "Zij"i Rossiyada va sobiq Sovet Ittifoqida ham alohida tarixga ega bo‘ldi. 18 asrning birinchi yarmida Peterburg akademiyasida Ulug‘bek "Zij"i maxsus muhokamada bo‘lgan va olimlar J.N.Delil (1688-1768), G.Ya.Ker uni tarjimasiga kirishganlar lekin ish oxiriga yetkazilmagan.

1908-1909 yillar V.L.Vyatkin Ulug‘bek rasadxonasining xarobalarini va uning asosiy asbobi — kvadratini kavlab topgandan so‘ng, Samarkand olimlarining faoliyatiga yangidan qiziqish boshlanadi. Natijada 1918 yil V.V.Bartoldning "Ulug‘bek va uning davri" asari nashr etilgan.

Sovet davrida Ulug‘bekning hayoti va ijodi bilan mamlakat jamoatchiligini tanishtirish bo‘yicha Qori Niyoziy ko‘p sa'y-harakat qilgan. Ulug‘bek ijodini targ‘ib qilishda G‘.Jalolov va V.P.Shcheglovlarning nashrlari ham diqqatga sazovordir. 20 asrning 80-yillari boshiga kelib Ulug‘bek "Zij"ining to‘liq va mukammal holda, ilmiy izoxlar bilan ta'minlangan tarjimasini A.Axmedov 1994 yil amalga oshirib, nashr ettirdi.

Yaqin yillargacha Ulug‘bek faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin 20 asr oxirida uning ijodi serqirra bo‘lib, u tarix, she'riyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi.

Tarixchi Mirzo Muhammad Haydar "Tarixi Rashidiy" asarida "Mirzo Ulug‘bek tarixnavis donishmand va "To‘rt ulus" tarixini ham yozib qoldirgan edi", deb yozgan. Ulug‘bekning turkiyda yozgan "Tarixi arba' ulus" ("To‘rt ulus tarixi") asari Chingizxon bosib olgan mamlakatlarning 13-14 asrlar birinchi yarmidagi siyosiy hayotini o‘rganishda muhim manbadir.

Mashhad binolarining birida Ulug‘bek qalamiga mansub ushbu bayt topilgan:

Harchand mulki husn ba zari nigin tust sho‘xi makun ki chashmi bidon dar kamintust.

Ma'nosi: Harchand husn mulki sening hukmingda bo‘lsa ham, sho‘xlik qilmagilki sen uning nazari ostidasen.

Navoiyning "Majolis un-nafois" va Abu Tohirxojaning "Samariya" asarlarida ham uning she'rlaridan namunalar keltirilgan. Uning davrida ko‘pgina asarlar arab va fors tilidan eski o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Ulug‘bek tashkil etgan boy kutubxonada turli fanlarga oid 15 mingdan ortiq jildli kitob bo‘lgan.

Alisher Navoiy "Xamsa" asarida UUlug‘bekni ulug‘lab shunday yozgan edi:

Temurxon naslidan Mirzo Ulug‘bek, 

Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek,

Ki davr ahli biridin aylamas yod,

Aning obnoyi jinsi bo‘ldi barbod.

Va lek ul ilmi sari topdi chun dast,

Ko‘zi oldinda bo‘ldi osmon past.

Rasadkim bog‘lamish — zebi jahondur,

Jahon ichra yana bir osmondur,

Bilib bu nav ilmi osmoniy,

Ki ondin yozdi "Ziji Ko‘ragoniy".

Uzoq va yaqin o‘tmish mualliflari (Darvishali Changiy, Fitrat va boshqalar)ning ta'kidlashicha, Ulug‘bek yoshligidan o‘zga fanlar qatori musiqa ilmidan saboq olib, bir qator kuy va usullar yaratgan, bu sohaga oid risola ham yozgan.

Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi 1994 yil aprelda Parijda, oktyabrda Toshkent va Samarqandda tantanali ravishda nishonlandi va xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Shu yili Toshkentda Ulug‘bek haykali o‘rnatildi.

Ulug‘bek siymosi Pulkovo rasadxonasi, Moskva universiteti konferets zallarida dunyodagi mashhur olimlarning portretlari qatoridan joy olgan. Samarqandda Ulug‘bekning memorial muzeyi tashkil etilgan. Toshkentda O‘zbekiston milliy universiteti, tuman, planetariy, ko‘cha, mahalla, metro stansiyasi, istirohat bog‘i, shaharcha Ulug‘bek nomi bilan ataladi. Farg‘ona pedagogika universitetiga, Samarqand arxitektura qurilish institutiga, Kitob xalqaro kenglik stansiyasiga, qishloq, maktab va boshqalarga ham alloma nomi berilgan.

Ulug‘bekning hayoti va faoliyati haqida p'yesa (M.Shayxzoda, "Mirzo Ulug‘bek" tragediyasi), roman (O. YOqubov, "Ulug‘bek xazinasi"; S.Borodin, "Samarkand osmonida yulduzlar"), opera (A.Kozlovskiy, "Ulug‘bek"), poema (M.Boboyev, "Ulug‘bek"), balet (M.Bafoyev, "Ulug‘bek burji"), film (Rejissyor Latif Fayziyev "Ulug‘bek yulduzi", 1965 yil) va boshqa asarlar yaratilgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/mirzo_ulugbek
Sayt foyda berdi!
87376 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.

Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.

izoh.uz

TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.

TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.

tvinfo.uz

DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.

DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.

dostavkainfo.uz

Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.

Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.

imlo.uz

Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.

Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!

lotin.uz

Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).

Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).

maqollar.uz

Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!

Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!

latifa.uz

Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.

Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.

onmap.uz

O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.

Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.

uztelegram.com

O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.

С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.

sarlavha.com

O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.

Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.

sinonim.uz
Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek va dunyo ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2024
Obuna va GoodGroup loyihasi